Kursdosh.uz / Fakultet.uz
Mehmon
Balki sizda bizda yo`q ma`lumot bordur. Keling ushbu ma`lumotni biz bilan bo`lishing. Nima haqida so'zlab bermoqchisiz?
Shuningdek saytimizga Kursdosh.uz , Kursdosh.ru , Fakultet.uz manzillarida tashrif buyurish mumkin!
Saytning Android versiyasini YUKLAB OLISH

Sun’iy intellekt ilg‘ori OpenAI va uning mashhur ChatGPT ishlanmasi haqida

 

Hozirgi kunda aqlli mashinalar borgan sari tezroq ishlaydigan va qiyin algoritmlarga ega bo‘lib bormoqda. Oldin kompyuterlar faqat ma’lum sohalarda, jiddiy masalalarni yechishda foydalanilgan bo‘lsa, hozir deyarli har bir xonadonda mavjud.

Aqlli mashinalar tezlashib ketdi. Oddiy inson 31 688 765 000 yilda bajarishi mumkin bo‘lgan misollarni 1 soniyada bajaruvchi kompyuterlar ishlab chiqarilmoqda. Kompyuter va boshqa uskunalar endi nafaqat hisoblashlarni bajaradi, ular endi turli mahorat, ko‘nikma va o‘z sun’iy idrokiga ega bo‘lishni boshlamoqda.

Sun’iy idrok — mashinalarning kognitiv funksiyalarni bajara olish imkoniyati. Kognitiv funksiyalar inson idroki tomonidan bajariladi: o‘zlashtirish, o‘rganish, fikrlash, masalalarni hal qilish va hattoki ijod qilish. Siz o‘zingiz bilib-bilmagan holda allaqachon sun’iy intellektdan foydalanib ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Masalan, Siri, Alexa, Yandeks Alisa ovozli yordamchilar hamda mashhur ChatGPT sun’iy intellekt asosida ishlaydi.

ChatGPT kim haqida

ChatGPT sun’iy intellektni tadqiq qilish kompaniyasi — OpenAI tomonidan yaratilgan. Kompaniya ChatGPTni 2022-yil 30-noyabrda ishga tushirdi.

OpenAI kompaniyasi 2015-yil oxirida San-Fransiskoda Sem Altman, Ilon Mask va Kremniy vodiysining boshqa tadbirkorlari tomonidan tashkil etilgan. Sarmoyadorlar o‘shanda insoniyatga foyda keltiruvchi sun’iy intellektni yaratish uchun $1 mlrd ajratishgandi.

Xuddi shu voqeadan avvalroq, 2014-yilda Ilon Mask “Twitter”dagi sahifasida “Sun’iy intellektdan juda ehtiyot bo‘lish kerak. U yadro qurolidan ham kuchliroq”, deya tvit qoldirgandi.

OpenAI tarixida eng mashhur nom — Ilon Mask. Ilon Mask 2018-yilda kelajakda o‘ziga qarashli Tesla kompaniyasi bilan manfaatlar to‘qnashuvi ehtimoli yuqori bo‘lganligi sababli OpenAI direktorlari kengashini tark etgan. Ammo loyihaga sarmoya kiritish va jamoaga turli maslahatlar berishda davom etgan.

2019-yilda IT-sohasi giganti — Microsoft kompaniyaga $1 milliard sarmoya kiritadi va OpenAI tijorat kompaniyasiga aylanadi. 2021-yilda ham Microsoft loyihani qo‘llab-quvvatlab kelgan. 2023-yilning yanvar oyida esa OpenAI va Microsoft kompaniyalari o‘rtasida ko‘p yillik hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. Ushbu hamkorlik qiymati — $10 milliardatrofida, ammo aniq miqdori ochiqlanmagan.


Microsoft hamkorlik nimalardan iborat bo‘lishini quyidagicha tushuntirgan:

Kompaniyalar yangi superhisoblash texnologiyalarini ishlab chiqish ustida birgalikda ish olib boradilar;
Microsoft dasturchilari OpenAIning mahsulotlaridan to‘liq foydalana olishi va ularni yangi sun’iy intellekt texnologiyalarini ustida ishlashda qo‘llay olishi;
Microsoft Azure — Open AI uchun bulutli xizmatlarni yetkazib beradi.
OpenAI kompaniyasining ishlanmalari

OpenAI kompaniyasi o‘z faoliyati davomida turli mahsulotlarni taqdim etib kelgan. Ularning dastlabkisi Gym platformasi — sun’iy intellektni o‘yinlar va algoritmli vazifalar orqali mashq qildirgan. Ikkinchisi Universe — sun’iy intellektga kompyuterdan foydalanish imkoniyatini beradi.

2018-yilda OpenAI GPT algoritmini taqdim etadi. Uning maqsadi tabiiy tilni qayta ishlash — NLP algoritmi modelini yaratish bo‘lgan. GPT o‘z tilini yaratish uchun 5 GB kitob matnlaridan foydalangan.

2019-yilda uni yanada takomillashtirishdi va GPT-2 mahsulotini taqdim etishdi. Endi u o‘z ma’lumotlar bazasida 40 GB matnni saqlardi. Bu 7 000 ta kitob va 8 mln.ta sayt degani edi. Neyrotarmoq tarjima qilish, matnlarni tugatish, ularni umumlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Ushbu mahsulot har qanday sarlavha bo‘yicha “feyk” yangiliklar yoza olgani sababli, internetda feyk yangiliklar ko‘payib ketmasligi uchun mahsulot keng ommaga taqdim etilmagan.

2020-yilda ma’lumotlar bazasida 570 GB matnni saqlovchi GPT-3 mahsuloti ishga tushirildi. Uchinchi avlod mahsuloti ancha keng imkoniyatlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, u ingliz tilida OAV uchun haqiqiy to‘laqonli maqola yozib berishi, har qanday matnli vazifalarni bajara oladi.

Hozirgi kunda har bir davrada keng muhokama qilinayotgan loyiha — ChatGPT chat-boti 2022-yil noyabr oyida taqdim etildi. Chat-bot GPT-3ning yanada takomillashtirilgan talqini, GPT-3.5 asosida ishlaydi.

2023-yil 14-martda OpenAIkompaniyasi tomonidan GPT-4 taqdim etildi. GPT-4 talqinidan foydalanib ko‘rish uchun chat-botning pulli talqini ChatGPT Plusga obuna bo‘lishingiz kerak bo‘ladi. Obuna narxi — $20.

ChatGPT ishga tushirilgan ilk 5 kun ichida 1 milliondan ko‘p foydalanuvchilarni o‘ziga jalb etdi, ikki oy mobaynida faol foydalanuvchilar soni 100 millionga yetdi. Taqqoslash o‘rnida aytib o‘tish joizki, TikTok 100 million foydalanuvchiga erishish uchun 9 oy kerak bo‘lgan.

ChatGPT o‘zi nima?

ChatGPT — bu tabiiy tildan foydalangan holda odamlarga o‘xshash suhbatni yaratuvchi sun’iy intellekt asosida ishlaydigan chat-bot. Sun’iy intellekt she’rlar, ilmiy ishlar yozishi, ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar uchun kontent-rejalar tuzishi va dasturiy kodda xatolarni aniqlashi mumkin.

ChatGPT bilan muloqot qurish mumkin. Ammo chat-bot bahsli muloqotlardan qochadi. ChatGPT ingliz va rus tillarida vazifalarni bajaradi. Ammo ta’kidlanishicha, ingliz tilida ancha sifatliroq ishlaydi.

Hozirgi kunda ChatGPTdan foydalanish bepul. Chunki hozir ChatGPT tadqiqot va fikr-mulohazalarni yig‘ish bosqichida. Chat-botning ChatGPT Plus deb nomlangan pulli talqini shu yil fevral oyi boshida ishga tushirildi. 14-mart kunidan boshlab pulli talqin GPT-4 asosida ishlashni boshladi. Unda nafaqat matnli axborotni, balki tasvirlarni ham qayta ishlash mumkin.

Eslatib o‘tish joizki, ChatGPTning ma’lumotlar bazasida 2021-yilgacha bo‘lgan voqea va yangiliklar haqida ma’lumotlar mavjud.


Kelajakda nimalar kutilmoqda?

2023-yilga kelib, OpenAI jamoasi xodimlari soni 375 nafarga yetdi. Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda startap 9 nafar xodim bilan o‘z faoliyatini boshlagandi. Hozirda OpenAI AQShning eng qimmat startaplaridan biri hisoblanadi — $29 milliardga baholanmoqda.

Sohadagi ekspertlarning fikricha, ChatGPT ko‘p sohalarni o‘zgartirishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarni boshqarish, dasturlash, jurnalistika, tarjimonlik, dizayn, tahrir va boshqa ko‘plab sohalarda hozir chat-botni yordamchi vosita sifatida ishlatishmoqda.

Hayotiy misol: 2023-yil 31-yanvar kuni “Twitter”da Aleksandr Zhadan nomli foydalanuvchi ChatGPTda yozilgan diplomni himoya qilgani haqida tvit joyladi. Joylashtirgan rasmini “ChatGPT yozgan diplom ishini himoya qildim. Jarayonni qanday tashkil etganim, tayyor bo‘lgan matn haqida nima izohlar eshitganim va nima uchun chizkeykga tushganim haqida bo‘lishaman. Zo‘riqishsiz va ajoyib bo‘ldi!”, — deya izohlagangan tvitda.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, kelajakda sun’iy intellekt hayotimizning ajralmas qismiga aylanadi. Aynan sun’iy intellekt va neyrotarmoqlar ko‘plab texnologiyalar bilan bog‘liq sohalar (robototexnika, avtomobil ishlab chiqarish, bulutli xizmatlar va boshqalar)ning rivojlanish drayveriga aylanadi.

Next Move Strategy Consulting ma’lumotlariga ko‘ra, 2030-yilga borib sun’iy intellekt bilan bog‘liq mahsulotlar bozori qariyb o‘n barobar oshib, 2 trillion dollarni tashkil qiladi. Aksariyat sun’iy intellekt texnologiyalari marketing, dizayn va ma’lumotlarni tahlil qilish sohalarida paydo bo‘ladi.

manba xabar.uz

4
0
1 izohlar 37 o'qildi

1 izohlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Alyor
12 октября 2023 11:12
2

Sizga maqolalarimiz maqul kelayotgan bo`lsa yoqdi tugmasini bosib qo`ying