Kursdosh.uz / Fakultet.uz
Mehmon
Balki sizda bizda yo`q ma`lumot bordur. Keling ushbu ma`lumotni biz bilan bo`lishing. Nima haqida so'zlab bermoqchisiz?
Shuningdek saytimizga Kursdosh.uz , Kursdosh.ru , Fakultet.uz manzillarida tashrif buyurish mumkin!
Saytning Android versiyasini YUKLAB OLISH

“Google qotili”. ChatGPT nima o‘zi?

 

2022 yilning 30 noyabr kuni Open AI kompaniyasi ChatGPT chat botini ishga tushirdi. Dastur moliyaviy tahlillar, ilmiy maqolalar yozishi, shaxsiy maslahatlar berishi mumkin. Bot har qanday mavzudagi suhbatni qo‘llab-quvvatlaydi va har xil savollarga o‘ta aniqlik bilan javob qaytaradi.  


Foto: REUTERS/Dado Ruvic/Illustration

Dunyo tobora raqamli makonga o‘tmoqda. Ayniqsa, pandemiyadan keyingi davrda raqamlashtirish juda ham muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Turli funksiyalar, vazifalar va faoliyatlar allaqachon inson qobiliyatidan yuqori darajada amalga oshirilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar, qidiruv va tavsiya tizimlari inson qiziqishlariga moslashishni o‘rgandi. Bular sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan xizmatlardir. Foydalanuvchilarni mamnun qilish istagi tomoshabinlar e’tiborini monetizatsiya qiladigan tijorat platformalari uchun tabiiy jarayondir. O‘z oldiga inson miyasi bajara oladigan hamma narsani qiluvchi sun’iy intellekt tizimini yaratish maqsadini qo‘ygan Open AI kompaniyasi tomonidan yaratilgan ChatGPT chatboti mutaxassislar tomonidan global inqilobiy yangilik sifatida e’tirof etilmoqda.

ChatGPT nima?

ChatGPT (Generative Pre-trained Transformer) – sun’iy intellektga asoslangan chat bot bo‘lib, turli savollarga javob berish va odamlar bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega. Bot har qanday mavzudagi suhbatni qo‘llab-quvvatlaydi va har xil savollarga o‘ta aniqlik bilan javob qaytaradi.

Ilon Mask, Piter Til va boshqa bir qancha investorlar 2015 yilda notijorat tashkilot sifatida ChatGPT yaratilishi ortida turgan Open AI kompaniyasiga asos soldi. Dastlab, kompaniya o‘z oldiga sun’iy intellektni “butun insoniyatga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan tarzda” rivojlantirish maqsadini qo‘yadi. 2018 yilda Ilon Mask Tesla va Open AI o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi tufayli direktorlar kengashini tark etadi. 2019 yildan kompaniya notijorat tashkilotdan “cheklangan foyda” keltiruvchi birlashmaga aylanadi. O‘sha yili Microsoft Open AI’ga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi va ikki tomonlama hamkorlikni e’lon qiladi. Shundan so‘ng yaxshi moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘la boshlagan kompaniya yanada rivojlanadi.

ChatGPT chat boti 2022 yilning 30 noyabr kuni Open AI kompaniyasi tomonidan ishga tushirildi va bir qancha qulayliklarga egaligi tufayli foydalanuvchilar orasida tezda ommaviylashib ketdi. 2022 yil 4 dekabrga kelib ChatGPT bir milliondan ortiq foydalanuvchiga ega bo‘ldi. Taqqoslash uchun, Netflix shuncha foydalanuvchini 3,5 yilda, Facebook 10 oyda, Spotify 5 oyda, Instagram 2,5 oyda yig‘a olgan. 2023 yil yanvar oyiga kelib esa ChatGPT foydalanuvchilari soni 100 milliondan oshdi.

Kuchli tomonlari

  • bepul va foydalanish oson;
  • ma’lumotni tez sintez qiladi;
  • ko‘p manbalardan olingan natijalarni umumlashtirib, vaqtni tejaydi;
  • javoblar yaxshi yoziladi va o‘qish qulay;
  • ChatGPT modeli doimiy ravishda takomillashtiriladi va yangilanadi, ya’ni vaqt o‘tishi bilan u yanada kuchliroq va samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Kuchsiz tomonlari

  • javoblarni jonli emas, balki statik ma’lumotlardan oladi;
  • idroki 2021 yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar bilan cheklangan;
  • kelajakdagi voqealarni oldindan prognoz qila olmaydi;
  • taqdim etilgan kontent uchun manbalar keltirmaydi;
  • noto‘g‘ri javoblar berishi mumkin.

Imkoniyatlari

  • g‘oyalar yaratish va ma’lumotlar to‘plashda vaqtni tejaydi;
  • yangi ish o‘rinlarini yaratadi;
  • cuhbatning tafsilotlarini eslab qoladi, o‘rganadi va avvalgi ma’lumotlarga tayanib muloqotni davom ettiradi;
  • korxona va tashkilotlarda samaradorlikni oshirish uchun ishlatilishi mumkin;
  • tarjima yoki til o‘rganish bilan bog‘liq ishlarni osonlashtiradi;

Tahdidlar

  • insonning ba’zi qobiliyatlarini ahamiyatsiz qilib qo‘yishi;
  • hakerlik va shunga o‘xshagan zararli maqsadlarda foydalanish;
  • ba’zi tarmoqlardagi ish o‘rinlarini butunlay yo‘q qilib yuborishi;
  • joriy o‘quv dasturi va akademik yaxlitlikni buzishi;
  • qonunlarni buzish, noxolis yoki haqoratli kontent yaratish maqsadida foydalanilishi mumkin.

ChatGPTʼdan quyidagi sohalarda faol foydalanish mumkin:

Mijozlarni qo‘llab-quvvatlash – sun’iy intellektga asoslangan chat botlar kecha-yu kunduz mijozlarning so‘rovlariga tez va aniq javob berish imkoniyatiga ega. Tizim mijozlarni qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada yaxshilaydi.

Marketing – potensial mijozlar haqida qimmatli ma’lumotlarni to‘plash va ishlab chiqarish istiqbollarini baholash, shuningdek prognozlashtirishda ishlatilishi mumkin. Bu savdo va marketing guruhlariga o‘z yondashuvlarini ishlab chiqishda muhim ta’sir vositasi hisoblanadi.

Ta’lim – ChatGPT deyarli har qanday asarni qisqacha va ixcham qayta hikoya qilishi mumkin, bu ayniqsa, maktab o‘quvchilari yoki to‘rt jildlik “Urush va tinchlik” va boshqa katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘zlashtirishga ulgurmagan talabalar tomonidan qadrlanadi. Shuningdek, u kichkina inshodan tortib katta hajmdagi referatlarni ham yoza oladi. Botning takomillashib borishi o‘qitishning yangi usullari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash – tibbiy savollarga javob beradi, aniq tashxis va davolash rejasi uchun shifokorga tashrif buyurish kerakligini eslatgan holda, ma’lum bir kasallikni qanday davolash mumkinligi bo‘yicha maslahatlar beradi. Shuningdek, chat bot tanani yaxshi holatda saqlash bo‘yicha tavsiyalar beradi va vazn yo‘qotishning individual rejasini ishlab chiqadi.

Turizm – sun’iy intellektga asoslangan chat botlar parvoz holati, ob-havo sharoiti va mahalliy voqealar haqida real vaqt rejimida yangilanishlarni taqdim etadi. Bu esa sayohatlarni rejalashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.

IT – ChatGPT kod yozish, dasturchilarga maslahatlar berish va xatolarni topish qobiliyatiga ega.

Yangi chat botning istiqbollari qanday?

Microsoft kompaniyasining Open AI uchun yana kamida 10 mlrd dollar sarmoya kiritish rejalari ChatGPTʼning kelajakda yanada takomillashishi uchun yangi imkoniyatlarga va moliyaviy manbalarga ega bo‘lishi mumkinligini anglatadi. Ammo loyiha rahbarlarining o‘zi ham kelajakdagi huquqiy oqibatlardan xavfsirashmoqda. ChatGPT yaratgan kontentni o‘ziga xos deb atash mumkin emasligi sababli, dunyo mualliflik huquqining buzilishi bo‘yicha bir qator da’volar bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Bir qator kompaniyalar ChatGPTʼni amaliyotga joriy qilish masalasini ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa-da, boshqa sohalarda dasturdan foydalanish taqiqlanmoqda. Xususan, Nyu-York shahar ta’lim departamenti ushbu botning davlat maktablarida ishlatilishini taqiqlanish haqida qaror chiqardi. Bu ikkita asosiy sabab: chat botning xatolarga yo‘l qo‘yishi va har doim ham to‘g‘ri ma’lumot bermasligi hamda  plagiat xavfining oshib ketishiga olib kelishi mumkinligi bilan izohlangan.

Boshqa tomondan, ChatGPT odamlarga o‘z-o‘zini o‘rganish va o‘z-o‘zini takomillashtirishda yordam berishga qodir. Bu onlayn qidiruvni butunlay yangi bosqichga olib chiqishi va kelajakda hozirgi klassik tizimlarning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Shu jihatdan ijtimoiy tarmoqlarda ChatGPT’ni “Google qotili” deya nomlashmoqda.   

Doston Ahrorov tayyorladi.

Manba: Kun.Uz

6
0
1 izohlar 49 o'qildi

1 izohlar

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Kamola
10 октября 2023 10:48
0

Daxshat chiqibdi qoil saytga